O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 24-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati T. Norboyev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Ch. Jumaqulov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dastur partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining parlamentdagi ko‘pchilik — demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgani, bu muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalarga asoslanishi ta’kidlandi.
Korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi “kollej–korxona” aloqalarini yo‘lga qo‘yish, nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalar tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish va yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Dasturda o‘qish uchun shartnoma pulini to‘lashga qiynalayotgan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga shartnoma pullarini to‘layotgan korxonalarni rag‘batlantirish, imtiyozli va bepul malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini tartibga soluvchi tegishli qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazorat samaradorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda Oltinsoy tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori B. Tog‘ayev, Termiz shahridagi 2-oilaviy poliklinika bosh shifokori O. Jo‘rayeva, Termiz shahridagi 24-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi D. Abdullayeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni mamlakat kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.