Ingushetiyaning Nazran shahrida jangarilar bilan to‘qnashuv oqibatida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati maxsus topshiriqli bo‘linmasining ikki nafar xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi press-relizida ma’lum qilindi, deb yozadi “RBK”.
Federal xavfsizlik xizmati xodimlari jangarilar guruhiga qarshi aksilterrorchilik operatsiyasi davomida halok bo‘ldi. Kuch tuzilmalarining ma’lum qilishicha, ulardan biri operatsiya o‘tkazish joyida, ikkinchisi esa jarohat olganligi oqibatida shifoxonada halok bo‘lgan.
Shaharning Abadiyev va Aliyev ko‘chalaridagi xususiy uylarda bir nechta jangari yashiringanligi haqida ma’lum bo‘lgandan so‘ng, uylar qurshab olingan. Yaqin atrofdagi uylar aholisi evakuatsiya qilingan.
Jangarilarga taslim bo‘lish va qurolni tashlash taklif etilgan. Biroq ular taklifni rad etib, kuch xodimlariga qarata o‘t ochgan. Ularga qarshi kurash oqibatida ikki nafar jangari yo‘q qilingan.
Jangarilar yashiringan uydan qurollar va o‘q-dorilar topilgan. Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasining ma’lum qilishicha, jangarilar Shimoliy Kavkaz hududida amal qiluvchi terrorchilik guruhining a’zolari bo‘lgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)