Angliyaning “Lester” jamoasi hujumchisi Jeffri Shlupp 190 ming funtga teng Lamborghini avtomobilida yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deb xabar bermoqda Mirror.
Xabarda qayd etilishicha, hodisa 21-noyabr kuni, “Lester”ning “Bryugge” klubiga qarshi YChL guruh bosqichi 5-tur o‘yinidan 1 kun oldin sodir bo‘ldi. 23 yoshli ganalik futbolchiga hech qanday zarar yetmagan, ammo mashinasi jiddiy shikastlangan.
Mazkur voqeadan so‘ng Britaniya matbuoti Jeffri Shluppda yana 3 ta avtomobil bor ekanini va Lamborghini’si pachoqlanganidan xafa emasligi haqida ma’lumot tarqatdi. Biroq futbolchining o‘zi bu ma’lumotlar haqiqatdan yiroq ekanini aytdi.
Ma’lumot uchun, “Lester” klubi xo‘jayini Vishay Shrivaddanaprabxa jamoa 2015/16-yilgi mavsum yakuniga ko‘ra Angliya chempioni bo‘lgani munosabati bilan chempion bo‘lishga hissa qo‘shgan har bir futbolchiga BMW i8 avtomobilini sovg‘a qilgandi. Ular orasida Jeffri Shlupp ham bo‘lgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)