Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Sibur Arena” majmuasida 17–18 yoshli bokschilar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining yettinchi kunida chorak final janglari o‘tkazilib, yarim finalga yo‘llanma olgan bokschilar nomi ma’lum bo‘ldi. Ular orasida 4 nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari ham bor, deya ma’lum qilmoqda “Olamsport”.
-52 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan Otabek Xolmatov chorak final jangida Dominikana Respublikasi vakili Luis Reynaldo Nunyesga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo vitse-chempioni bo‘lgan Otabek Xolmatov raqibini 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
-56 kilogramm vazndagi Shunqor Abdurasulov chorak finalda xitoylik Szen Szyan Minni 3:2 hisobida yengib, yarim finalga yo‘l oldi. -60 kilogramm vaznda qatnashayotgan Bilolbek Mirzarahimov chorak final jangida rossiyalik Beslan Xamzayevga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida zafar quchdi.
-91 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Shohruz Rahimov chorak final jangida angliyalik Lyuis Vilyamsni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
-75 kilogramm vazn toifasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan Shohruzbek Rustamov chorak final jangida germaniyalik Vezir Agirmanga 1:4 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Qayd etish joiz, yarim finalga chiqqan bokschilarning har biri kamida bronza medalini naqd qilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)