Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining so‘nggi — “H” guruhida nimchorak finalga yo‘llanma olgan birinchi klub nomi ma’lum bo‘ldi — “Yuventus”.
Bu yo‘lda Massimiliano Allegri shogirdlari safarda “Sevilya”ni mag‘lub etdi. Angliyalik referi Mark Klattenburg boshqarib borgan uchrashuvning 36-daqiqasida mezbonlar qiyin ahvolda qoldi. Bir kishi kam o‘ynayotgan jamoa darvozasiga birinchi bo‘lim so‘nggida penalti qo‘yilishi esa “Sevilya”ning qiyinchiligini yana-da oshirdi.
“Yuventus” guruh bosqichidan chiqish missiyasini hal qilgan bo‘lsa-da, peshqadamlik masalasiga to‘la oydinlik kiritmagan. So‘nggi turdagi mag‘lubiyat 1-o‘rinning boy berilishiga olib kelishi mumkin. Qayd etish kerak, ortda qolgan besh tur davomida Turin jamoasini hech kim mag‘lub eta olmadi.
Fransiyaning “Lion” klubi guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlash uchun nazariy imkoniyatga ega. Bu yo‘lda fransiyaliklar “Sevilya”ni kamida 2 ta gol farqi bilan mag‘lub etishi kerak. Tomonlarning Ispaniyada bo‘lib o‘tgan o‘yinida “Sevilya” 1:0 hisida zafar quchgandi. Ayni vaqtda ispaniyaliklarda to‘plar nisbati yaxshiroq. Shu boisdan ham kichik hisobdagi g‘alaba “Lion”ga kamlik qiladi.
Yevropa Chempionlar Ligasi “H” guruhi. 5-tur 22-noyabr, seshanba
Izoh (0)