Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining so‘nggi turida “Bunyodkor” raqobatchisi “Lokomotiv”ga imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar bosh murabbiy Sergey Lushchanning fikri bilan qiziqdi.
“Nimadir deyishga hojat yo‘q, yutqazdik. Natija haqqoniy. ‘Lokomotiv’ darajasidagi jamoaga qarshi o‘yinlarda 1 ta xato ham qimmatga tushadi. Futbolchilarning bor imkoniyatidan foydalandik. Hozircha ular ko‘rsata oladigan natija bu 2-o‘rin. Ortig‘iga kuchimiz yetmaydi. Jiddiyroq natija kerak bo‘lsa, kamida 3 nafar yuqori darajali futbolchi olishimiz kerak. Jeparov yoki Kapadze kabilarni o‘ynatish uchun moliyaviy imkoniyatimiz yo‘l bermaydi”, — deb Lushchandan iqtibos keltirgan “Championat.asia”.
Mavsum avvalida intervyu bergan Sergey Lushchan “Bunyodkor” uchta frontda g‘oliblik uchun kurash olib borishi haqida aytib o‘tgandi. Chempionlar Ligasida klub guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagan bo‘lsa, O‘zbekiston chempionatida g‘oliblik “Lokomotiv”ga nasib qildi. Bu holat murabbiyning iste’fosiga sabab bo‘lishi mumkinmi?
“Oldimda xorijdan 5 ta taklif mavjud. Iste’foga chiqarishsa, klubga minnatdorchilik bildiraman va ketaman. Bu muammo emas. Chunki men o‘z ishimni ko‘rsatib qo‘yganman. Ishsiz qolishdan esa nima qilishini bilmay yuradiganlar ko‘proq qo‘rqsin. Mening ko‘nglim to‘q, vijdonim toza”, — deb aytib o‘tgan Sergey Lushchan.
Ma’lumot uchun, “Bunyodkor” aytib o‘tilgan uch frontdan faqatgina 1 tasida ishtirokini davom ettirmoqda. 26-noyabr kuni klub O‘zbekiston Kubogining yarim finali javob o‘yinida “Lokomotiv”ga qarshi saf tortadi. Tomonlarning “Lokomotiv” maydonida bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvida “temiryo‘lchilar” minimal hisobda zafar quchgandi.
Izoh (0)