2018-yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionati uchun kurash olib borayotgan Janubiy Amerika mamlakatlari saralashning 11-turida maydonga tushdi.
Turning markaziy o‘yini Braziliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasida o‘tib, mezbonlar 3:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi. Bunga qadar “Barselona” vakili Neymar jamoadoshlari bo‘lgan Maskerano hamda Messini shaxsiy samolyotida Braziliyaga qadar olib kelgandi. Bellashuvda aynan Neymar gol urgan bo‘lsa, uning “Barselona”dagi sheriklari yirik mag‘lubiyatga rozi bo‘ldi.
Mazkur g‘alabasidan keyin Braziliya ochkolari sonini 24 taga yetkazib, turnir jadvalida peshqadamga aylanib oldi. Ekvadorni 2:1 hisobida taslim qilgan Urugvay esa 23 ochkoga ega.
11-turda Kolumbiya va Chili termalari ochkolarni bo‘lib oldi. Durang natija kolumbiyaliklarni 3, Chilini esa 5-o‘ringa olib chiqdi.
Ma’lumot uchun, KONMEBOL mintaqasiga FIFA 4,5 ta kvota ajratgan bo‘lib, dastlabki to‘rt o‘rinni egallagan mamlakatlar Rossiya mundialiga chiptani qo‘lga kiritadi. Beshinchi jamoa esa qit’atalararo pley-offda ishtirok etadi.
Ayni vaqtda dastlabki to‘rt o‘rin Braziliya, Urugvay, Kolumbiya va Ekvadorga tegishli. Chili pley-offga yaqin, Argentina esa mag‘lubiyatidan keyin mundialdan uzoqlashdi. Messi va uning vatandoshlari 5-o‘rindagi Chilidan 1 ochko kamroq jamg‘argan.
JCh—2018 KONMEBOL. 11-tur 11-noyabr, juma
Kolumbiya — Chili 0:0
Urugvay — Ekvador 2:1
Gollar: Sebastyan Koates, 12 (1:0). Felipe Kaysedo, 44 (1:1). Diyego Rolan, 45 (2:1).Paragvay — Peru 1:4
Gollar: Kristian Riveros, 9 (1:0). Kristian Ramos, 48 (1:1). Edison Flores, 71 (1:2). Kristian Kuyeva, 78 (1:3). Edgar Benites, 84-avt (1:4).Venesuela — Boliviya 5:0
Gollar: Jakobo Koufatti, 3 (1:0). Jozef Martines, 11 (2:0). Jozef Martines, 67 (3:0). Jozef Martines, 70 (4:0). Romulo Otero, 75 (5:0).Braziliya — Argentina 3:0
Gollar: Felipe Koutinyo, 24 (1:0). Neymar, 45 (2:0). Paulinyo, 59 (3:0).15-noyabr kuni 12-tur bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Peshqadam Braziliya Peru maydoniga tashrif buyursa, Urugvay Chilida mehmon bo‘ladi. Argentina esa o‘z uyida Kolumbiyani qabul qiladi. Shuningdek, Boliviya Paragvayga, Ekvador Venesuelaga qarshi saf tortadi.