Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi majlislar zalida nogironlar uchun individual reabilitatsiya dasturlarini tuzish va bajarish bo‘yicha yangi uslubiy qo‘llanma taqdimotiga bag‘ishlangan respublika o‘qub-uslubiy seminari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga BMT Taraqqiyot dasturi ma’lumot berdi.
Tadbir tashkilotchilari — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertizasi, BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida.
Seminar ishida mamlakatning barcha mintaqalaridan tashrif buyurgan tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatining 70 dan ortiq mutaxassisi, shuningdek, mehnat, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari, Nogironlar reabilitatsiyasi va protezlash milliy markazi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot ishining yakunlarini muhokama qilish hamda ishlab chiqilgan yangi uslubiy qo‘llanma taqdimotini o‘tkazish. Uslubiy qo‘llanma tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyasi vrachlari, sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari, poliklinikalarning davolovchi shifokorlari, reabilitatsiya markazlari ishchilari, tibbiy oliygohlar o‘qituvchilari va Vrachlar malakasini oshirish instituti tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyasi kafedrasi kursantlariga mo‘ljallangan.
Seminar davomida loyiha ishchi guruhi ishtirokchilarining chiqishlari, shuningdek, reabilitatsiya markazlari hamda mintaqaviy tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyalari mutaxassislarining chiqishlari tinglandi. Ularda ta’kidlanishicha, mavjud individual reabilitatsiya dasturlari salohiyati yetarli darajada ishlatilmayapti, ularning to‘laqonli realizatsiyasi esa aholi sog‘lig‘ining mustahkamlanishiga jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ishtirokchilarga uslubiy qo‘llanma nusxalari taqdim etildi. Ular, shuningdek, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan mutaxassislar va keng jamoatchilikni salomatlik ko‘rsatkichlari unifikatsiyasi bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan hayot faoliyati va sog‘liq cheklovlari Xalqaro funksional tasnifi bilan tanishish imkonyatiga ega bo‘ldi.
Seminar ishtirokchilari ko‘tarilgan masalalar, shuningdek, ularni hal etish bo‘yicha taklif etilgan yechimlar muhokamasida faol ishtirok etdi. Tadbir yakunlariga ko‘ra individual reabilitatsiya dasturini takomillashtirish hamda uni joriy etish sifatini oshirish bo‘yicha asosiy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Izoh (0)