Namanganning “Navbahor” futbol klubiga bosh murabbiy etib tayinlangan Ilhom Mo‘minjonov jamoani O‘zbekiston Oliy Ligasidan tushirib yuborgan birinchi mutaxassis sifatida tarixda qolishi mumkin.
1992-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mamlakat chempionatida “Navbahor” Oliy Ligadan biror marta ham tushib ketmagan. 2016-yilgi mavsum yakuniga 2 ta tur qolganida jamoa 22 ochko bilan 16 klub orasida 15-o‘rinni egallab turibdi.
“Jamoani boshqarishga rozilik berganim rost. Bu klub O‘zbekiston Oliy Ligasidan hech qachon tushib ketmagan. Bizning vazifamiz uni elitada saqlab qolishdan iborat. Bu borada men bor kuchimni ishga solaman”, — deb fikr bildirgan Ilhom Mo‘minjonov.
“Championat.asia”ning “Futbol Ekspress” nashriga asoslanib yozishicha, murabbiy Namangan viloyati hokimi bilan suhbatda erkin ishlashi uchun sharoit qilib berishlarini so‘ragan. Hokim esa unga erkinlik yaratib bergani aytib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Oliy Ligada qolishi kerak bo‘lgan “Navbahor” so‘nggi ikki turni safarda “Bunyodkor” va “Andijon” klublariga qarshi o‘tkazadi. “Bunyodkor” mamlakat chempionligi uchun, “Andijon” esa 1-ligaga tushib ketmaslik uchun kurash olib borayotgan jamoalar hisoblanadi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)