Osiyo futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichi 3-tur doirasida kechgan O‘zbekiston – KXDR (3:1) uchrashuvida yuzaga kelgan vaziyat borasidagi qarorini e’lon qildi, deb xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi darvozaboni Jasurbek Umrzoqov o‘yinning 49-daqiqasida sheriklarini oldinga boshlash uchun to‘pni tepib yuborgan edi. Raqib jarima maydoni tomon uchib ketayotgan to‘pni qaytarish uchun esa koreyalik darvozabon Jan Pak Xo yugurib chiqdi va to‘p uning ustidan o‘tib ketdi. To‘pga yetib olmoqchi bo‘lgan posbon yiqildi hamda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.
Mazkur vaziyat OFK komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi va koreyalik posbon golni atayin o‘tkazib yuborgan deb topildi.
Shundan so‘ng, OFK KXDR U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Yung Jong Su, darvozabon Jan Pak Xo hamda Shimoliy Koreya futbol assotsiatsiyasini aybdor deb topib, quyidagi jazolarni belgiladi.- KXDR futbol assotsiatsiyasi 20 000 dollar miqdorida jarimaga tortildi va shunga o‘xshash holat U-19 Osiyo chempionati saralashida takrorlansa, KXDR yoshlar terma jamoasi 2018-yilda o‘tkaziladigan musobaqadan butunlay chetlatiladi;
- KXDR o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Yung Jong Su 5 000 dollar miqdorida jarimaga tortildi va futboldan 12 oyga chetlatildi;
- KXDR o‘smirlar terma jamoasi darvozaboni Jan Pak Xo 1 000 dollar miqdorida jarimaga tortildi va 12 oyga futboldan chetlatildi.
Izoh (0)