Avstraliyaning Brisben shahrida yo‘nalish avtobusi haydovchisi noma’lum kimsa tomonidan transport vositasi ichida yong‘in keltirib chiqarishi oqibatida halok bo‘ldi, yana 9 kishi kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazildi. Bu haqda Brisbane Times nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xabarda qayd etilishicha, noma’lum kimsa 28-oktabr, juma kuni ertalab avtobus bekatidan transport vositasi ichiga kirdi. Avtobus tezlikni oshirganidan so‘ng noma’lum shaxs to‘satdan haydovchining oldiga kelib, uning ustidan yonuvchi modda quydi va uni yoqib yubordi. Buning oqibatida avtobus ichida yong‘in boshlandi.
Jinoyatni amalga oshirishda gumon qilinayotgan 48 yoshli erkak qarshiliksiz politsiyaga taslim bo‘ldi. Kvinslend shtati politsiyasi vakili hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini hamda voqea terakt emasligini ma’lum qildi.
Jinoyatchi va haydovchi bir-biri bilan tanish bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Izoh (0)