“Murojaatdan so‘ng” teledasturida Bosh vazirning virtual qabulxonasiga Toshkent shahridan kelib tushayotgan murojaatlar qay tartibda ko‘rib chiqilayotgani haqida batafsil ma’lumot berib borilmoqda.
Agar murojaatlar tahliliga e’tibor qaratilsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga daxldor masalalar ham uchraydi. Toshkent shahrida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish borasida qanday chora tadbirlar amalga oshirilayotgani, tadbirkorlar duch kelgan muammolarni tezkor bartaraf etish uchun qaysi tashkilotlar jalb etilgani singari masalalar tahlil qilinmoqda.
“Toshkent” teleradiokanalining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ko‘rsatuvning 26-oktabrdagi sonida ham shu va boshqa savollar yuzasidan fikr almashiladi.
Import o‘rnini bosuvchi uskunalar ishlab chiqaruvchi korxona ijarachi ijara shartnomasini buzib joylashgan binodan chiqib ketish talabini qo‘ygan. Adliya aralashuvi bilan joyida faoliyatini davom ettiryapti. Korxona rahbari Botir Ziyorxo‘jayev:
“Ishlab chiqarishni boshlayotgan yangi tadbirkorlarga ijaraga yer olish masalasi, joy topib ish yurg‘izish masalasi birinchi muammolardan hisoblanadi. Bu yerda nisbatan arzon. Davlat tomonidan tadbirkorlarga imtiyoz berildi desak ham bo‘ladi. Elektr masalasi muammo emas. Kommunikatsiyalar hammasi yo‘lga tushib, kundan-kunga ishchi o‘rinlari ko‘payapti. Mana bizlar keldik, avgustlardan ish boshlagan bo‘lsak, shu kecha-kunduzda ish shtatimiz 50 kishiga yetib qoldi. Kelajakda bizning maqsadimiz 150 tagacha yetkazish. Yangi ish tashkil etayotgan tadbirkorlarda bir muammo — lizing masalasi mazmunan bizlar uchun chiqqan narsa edi boshida. Olinayotgan dastgohlar o‘zi garov bo‘lib turishi kerak edi. Hozir bizlar juda ko‘p lizing tashkilotlarga murojaat qildik. Qo‘ng‘iroqlashib gaplashsak, ular ham hozirgi kunda xuddi bankdagi kredit talablarini qo‘yishyapti. Ko‘chmas mulk qo‘ysangiz lizing beramiz degan masalani qo‘yishyapti. Bu, menimcha, lizing so‘zining mazmuniga to‘g‘ri kelmaydi”.
Go‘zallik saloni ochgan tadbirkor faoliyati aholi e’tirozi bilan yoptirilgan. Virtual portalga murojaatdan so‘ng qayta ochib berilgan. Salon egasi Xolisxon Annazarova:
“Men ko‘p qavatli uydan go‘zallik salonini ochganman. Yana ishchi o‘rni ochish uchun yana bir xonani ijaraga ajratib berishdi. Men shu go‘zallik salonini ochdim. Hokimiyat tomonidan, shirkat tomonidan ruxsatnomalar berishdi. Ta’mirlash ishlarini olib bordim. Endi aholimizdan ayrimlari nima deydi, qilmaysan dedi. Bosh vazirimizning virtual qabulxonalariga murojaat qildim. 4–5 kun ichida hal qilib berishdi. Mening haq-huquqimni himoya qilib, men o‘z ishimni yuritolyapman. Endi hozir to‘xtab qolmadi ishim”.
Mebel ishlab chiqaruvchi oilaviy tadbirkor bir yil mobaynida buyurtmachidan pulini ololmagach, virtual qabulxonaga murojaat qilgan va shundan so‘ng shahar adliya boshqarmasi aralashuvi bilan tadbirkorga mablag‘i undirib berilgan. Ishlab chiqaruvchi Shavkat Umarxo‘jayev:
“Yilning oxirigacha pulimizni to‘lab berishlari kerak edi. Keyingi yilga o‘tib ketib qoldi. Shuning natijasida oradan bir yildan oshiq vaqt o‘tib ketdi. Ancha ogohlantirildi. Natija bo‘lmaganligi sababli, televizorda ko‘rdik, shu portalga murojaat qildik. Portalda qilgan murojaatimiz Toshkent shahar Adliya boshqarmasiga borib tushgan. Ularning yordamlari bilan ishimiz ijobiy hal bo‘ldi. Bosh vazirimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”.
Shu va boshqa voqealar 27-oktabr soat 21:00 da “Murojaatdan so‘ng” teledasturida muhokama qilinadi.
Izoh (0)