O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni “O‘simliklarni himoya qilish va qishloq xo‘jaligiga agrokimyoviy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjatga muvofiq “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining tashkil etilishi ma’qullandi. Bu haqda, Qimmatbaho qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markaziga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“O‘zagrokimyohimoya” tarkibiga 30 tashkilot kiradi, jumladan:
- “O‘zagrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari — “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari negizida shakllantiriladi, bunda ularning tarkibidan “O‘zkimyosanoat” AJ, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar o‘simliklarni himoya qilish markazlari mol-mulkining bir qismi chiqariladi;
- “O‘zagrokimyohimoya” HAJning tuman va shahar filiallari — “Qishloqxo‘jalikkimyo” HAJ tuman va tumanlararo filiallari hamda o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha tuman otryadlari negizida shakllantiriladi;
- Chigirtka va qizil kapalakka qarshi kurash xizmatining Qoraqalpog‘istondagi, viloyatlar va Toshkentdagi filiallari — chigirtkaga qarshi kurash xizmatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar o‘simliklarni himoya qilish markazlari mol-mulkining bir qismi negizida shakllantiriladi;
- “Agrokimyoviy stansiya” MChJ — Respublika agrokimyo stansiyasi, Qoraqalpog‘iston respublika va viloyat agrokimyoviy stansiyalari negizida shakllantiriladi;
- “Respublika o‘quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasi” MChJ — Respublika o‘quv-ishlab chiqarish laboratoriyalari negizida shakllantiriladi;
- “O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” MChJ — O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti negizida shakllantiriladi.
Yangi tuzilma faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari sifatida qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni chigirtkalar, zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha yagona texnik va texnologik siyosat olib borish belgilangan.
Qarorda “Qishloqxo‘jalikkimyo” HAJ mol-mulkining hamda undagi “O‘zkimyosanoat” ulushining bir qismi davlatga o‘tkazilishi, buning evaziga “O‘zkimyosanoat” ustav kapitalida davlat ulushining kamaytirilishi, shuningdek, “Respublika o‘simliklarni himoya qilishning kimyo vositalari bazasi” AJning ixtiyoriy tugatilishi ko‘zda tutilgan.
2017-yildan boshlab “O‘zkimyosanoat” tarkibiga kiruvchi korxonalar ishlab chiqargan mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilishning kimyo vositalari Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birjada realizatsiya qilinadi. Bunda yarmarka savdolaridagi ulgurji xaridorlar “Agrokimyohimoya” AJ va boshqa iste’molchilar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)