Braziliyaning San-Paulu shahridagi uylardan birining yerto‘lasida 36 yoshli Armando di Andradi ismli shaxs topildi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, u 20 yil davomida ota-onasi tomonidan yerto‘lada, to‘shakka kishanband etilgan holda saqlangan. Bu haqda, Daily Mail’ga asoslanib, “Vesti.ru” xabar bermoqda.
Aytilishicha, di Andradi soch-soqoli o‘sib ketgan, qo‘l-oyog‘i to‘shakka kishanlangan bir ahvolda topilgan. Yerto‘lada birorta lampa bo‘lmagan.
Di Andradini topgan politsiyachi Selso Markiorining so‘zlariga qaraganda, bandi o‘zi haqida biror narsa aytib berish tugul, qarshisida huquq-tartibot idoralari vakili turganini ham tushunmagan. Unga narkotik moddalar yuborilgani taxmin qilinmoqda. Erkak zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi.
Qo‘shnilarga ota-onasi Armando Braziliyaning boshqa qismiga ko‘chib o‘tganini uqtirgan. Erkak yerto‘ladan topilgach, uning otasi o‘g‘lini 18 yildan beri ko‘rmaganini, u yaqindagina o‘zini bilmaydigan ahvolda qaytib kelganini aytdi.
Erkakning otasi va o‘gay onasiga qarshi tergov boshlanmadi, ammo ular qo‘ni-qo‘shnilarning nafrati va salbiy munosabati tufayli uyni tark etishga majbur bo‘ldi.
Izoh (0)