Iyul oyida “Sochnaya dolina” (“Сочная долина”) savdo markasi katta sovg‘a aksiyasiga yakun yasadi, unda bosh mukofot — kvartira o‘ynalgan edi. Andijonlik Dilorom Xo‘jayeva oliy mukofotning baxtli egasiga aylandi. Bugun u bizga o‘z omadining siri haqida so‘zlab berdi.
Dilorom Akramovna — mehnatsevar inson. Munosib nafaqaga chiqqaniga uch yil bo‘lganiga qaramay, u 20 yildan ortiq vaqt faoliyat yuritayotgan viloyat elektr tarmog‘ida yetakchi muhandis lavozimida ishlashda davom etmoqda. “Hayotda turli vaziyatlar bo‘ldi, lekin, o‘ylashimcha, qiyinchiliklar vaqtinchalik, men yaxshilikka ishonaman. Mening tabiatim shunday: ijobiy fikrlash tarafdoriman, hech qachon birovga arz qilmayman va har bir kunimga quvonaman”, — deydi Dilorom Akramovna. Bunday ijobiy yondashuv ayolga ikki nafar farzandini katta qilishda hamda ularga ta’lim berishda yordam berdi: qizi — bo‘lajak tibbiyot xodimi, magistraturada o‘qiydi, o‘g‘li esa Sankt-Peterburgda xalqaro huquq yo‘nalishida ta’lim oladi.
“Mening bir orzuim bor edi — kvartira xarid qilish, — tan oladi g‘olibimiz. — Yaqinda o‘g‘limni uylantirmoqchiman, yoshlarning alohida yashashlari tarafdoriman. Fikrimcha, yosh oilalarning ishlariga aralashish kerak emas, bolalarga o‘z hayotlarini mustaqil qurishga imkon berish lozim. Kerak paytda yordam beramiz, albatta, lekin alohida yashasin va mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgansin. Shu bois yaqin oradan kvartira sotib olish haqida orzu qilardim, ana shunda mehmonga chiqish imkoni ham paydo bo‘lardi. Mana shunday kutilmagan tarzda ‘Sochnaya dolina’ (‘Сочная долина’) sharofati bilan mening orzuim amalga oshdi!”
G‘olibimizning mukofotni qo‘lga kiritgan kuni odatdagidek boshlangandi: u ikki pachka sharbat xarid qilish uchun uyining 1-qavatidagi do‘konga chiqqan. “‘Sochnaya dolina’ (‘Сочная долина’)ni yaxshi ko‘raman va bu sharbatni anchadan beri ichaman. Ayniqsa, behili, ananasli va apelsinli sharbatlari juda yoqadi. Sotuvchiga aytdim: ‘Odiljon, menga odatdagidek ikki xil sharbat bering’. U esa menga: ‘Dilorom opa, bilasizmi, aksiya boshlandi. Unda kvartira va maishiy texnikalar o‘ynalyapti. Keling, men sizga mukofot stikerlari bo‘lgan qutilardan olib beraman’, — dedi. Qutidagi kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, stikerlarni esa saqlab qo‘yish kerakligini tushuntirib berdi. ‘Unday bo‘lsa, o‘shandan bering-chi, — dedim — Mana ko‘rasiz, kvartira yutib olamiz’. Shundan buyon stikerli qutilar xarid qila boshladim va har safar kvartira bizniki bo‘lishini aytib, hazillashdim. Bu hazillarim haqiqatga aylandi”.
Aksiya tashkilotchilari yirik mukofot bilan qutlash uchun g‘olibga qo‘ng‘iroq qilganida Dilorom Akramovnani bir olam hissiyotlar — hayrat, sevinch, quvonch qamrab oldi, lekin ishonchsizlik bo‘lmadi: “Men barchasi adolatli bo‘layotganiga shubha ham qilmagandim. Kompaniya o‘z o‘rniga va nufuziga ega. Haqiqatan ham kvartira olishimga ishonchim komil edi. Hammasi shunday muvaffaqiyatli kechdiki, menga to‘g‘ri keluvchi variant o‘zim istagandek uyimiz yaqinidagi yangi qurilayotgan uylardan topildi. Farzandlarim ‘Oyi, taqdir barcha mehnatlaringiz evaziga sizni shunday mukofotladi’, dedi. Hamkasblarim va qo‘shnilarim tabriklashmoqda, hamma men uchun juda xursand”.
Taqdir Dilorom Akramovnaga nafaqat kvartira in’om etdi: biroz vaqt o‘tgach, u “Sochnaya dolina” (“Сочная долина”)ning boshqa aksiyasi — “Sovg‘ali yoz”da ishtirok etib, mini-pech yutib oldi. Bu atrofdagilar ishonishi qiyin bo‘lgan omad. Dilorom Akramovna esa buni hayotga bo‘lgan real qarashlarining mantiqiy natijasi, deb hisoblaydi: “Men doim hamma narsaga to‘g‘ri qarashga harakat qilaman. Hayotimizni o‘zimiz qursak, u ajoyib bo‘ladi. Shunchaki muayyan tamoyillarga amal qilish kerak, xolos: vijdonan yashash, doim adolatli bo‘lish, imkon qadar boshqalarga yordam berish. Har qanday yaxshi amal qandaydir yo‘l bilan mukofotlanadi. Pok qalb bilan yasha, qolgani esa o‘z-o‘zidan bo‘laveradi. Omadga ham ishonish kerak, har bir insonda ishonch bo‘lishi kerak. Hozir yana omadim kelib, mini-pechni qo‘lga kiritdim. Ish safari bilan Toshkentga yuborishgandi — shu bahonada sovg‘amni ham olib ketdim. Uni yoki bo‘lajak kelinimga sovg‘a qilaman, yoki qizimning sarposiga olib qo‘yaman. Avval ham kichik sovg‘alar yutib olardim, lotereya chiptalaridan ham omadim kelardi. Biroq kvartira kabi yirik yutuqni birinchi marta qo‘lga kiritishim. Uyimda stol tennisi bo‘yicha turnirlardagi g‘alabalarim uchun qo‘lga kiritgan sovg‘alarim ko‘p: men korxonamiz sharafini himoya qilib turnirlarda qatnashaman, viloyat va respublika musobaqalarida ishtirok etaman — gilamlar va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlashadi”.
Bu faol ayol sport va ishini tashlamoqchi emas: “Men ishlashni yaxshi ko‘raman, bu menga tonusda bo‘lishga yordam beradi. Hattoki dam olish kunlari ham ishimni va jamoamizni sog‘inaman. Odamlar bilan muloqot qilish va ularga foyda keltirish yoqadi. Inson biror bir mashg‘ulot bilan o‘zini band qilsa, har xil o‘y-xayollarga bormaydi. Barcha salbiy fikrlar — bekorchilikdan”.
Omadli andijonlik ayolning yutuqlari haqidagi yangilik tez tarqaldi: uning yaqindagina ertakdek tuyulgan yutuqlaridan hayratlangan tanishlari stikerli “Sochnaya dolina” (“Сочная долина”) sharbatlarini xarid qilishga kirishib ketdi. “Yaqinda bir qo‘shni ayol chiqdi, sharbat sotib olgan ekan, mendan kodlarni qanday qilib ro‘yxatdan o‘tkazishni o‘rgatib qo‘yishni so‘radi. Unga buning qanday qilinishini ko‘rsatib berdim va birgalikda SMS-xabarni yo‘lladik. Ko‘pchilik mendan so‘raydi: ‘Nahotki bu haqiqat bo‘lsa?’ Men javob beraman: ‘Ha, hammasi haqiqat’. Hammaga g‘olib bo‘lish nasib etsin, asosiysi — bunga ishonish”.
Reklama huquqi asosida. Xizmatlar litsenziyalangan.
Izoh (0)