Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 26-turidan joy olgan sakkizta uchrashuvning 7 tasi o‘z yakuniga yetdi. Bunda bir qator o‘zgarishlar kuzatilgani haqida “Championat.asia” nashri xabar berdi.
Qarshida “Nasaf”dan 0:6 hisobida yengilgan “Navbahor” 7 yillik antirekordini yangiladi. So‘nggi bor Namangan klubi 2009-yilgi mavsumda mana shunday sharmandali natija qayd etgan bo‘lib, o‘shanda “Paxtakor”dan 0:7 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Xuddi o‘sha yili “Bunyodkor” Namangan klubi darvozasiga 6 ta javobsiz gol urgan.
2016-yilgi mavsumda “Navbahor” besh bor yirik mag‘lubiyatga uchrab, bu borada “Obod”dan keyin eng yomon natijani qayd etib turibdi.
Ma’lumot uchun, “Nasaf” futbolchilari “Navbahor” darvozasiga 6 ta gol urgan kuni Qarshi klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘zining tavallud ayyomini nishonlayotgandi.
Toshkentning “Bunyodkor” klubi ketma-ket beshinchi uchrashuvda o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. So‘nggi bor “Paxtakor”ga imkoniyatni boy bergan “qaldirg‘ochlar”, shundan keyin “Qo‘qon—1912”, “Buxoro”, “Nasaf”, “Olmaliq”, “Qizilqum” kabi klublarga qarshi kechgan jami 450 daqiqa davomida Murod Zuxurov darvozasini quruq saqlab qoldi.
So‘nggi bor 19-avgust kuni Farg‘onada “Neftchi”ni mag‘lub etgan “Andijon” klubining g‘alabasiz seriyasi 26-turdan keyin ketma-ket yettitaga yetdi. Bu vaqt davomida Andijon viloyati klubi “Buxoro”, “So‘g‘diyona”, “Nasaf”, “Mash’al”, “Qizilqum”, “Sho‘rtan”, “Metalurg” kabi klublarga qarshi o‘ynab, faqatgina 2 tasida durang qayd etdi, qolgan barchasida mag‘lub bo‘ldi.
Oliy Liganing 26-turida “Olmaliq” futbol klubi ikkinchi davradagi ilk g‘alabasiga ega chiqdi. Bunga qadar o‘tkazilgan 10 ta tur davomida Igor Shkvirin jamoasi raqiblarini taslim qila olmagandi. Bu safar esa “Sho‘rtan” 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi.
Mazkur turda “Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘zining Oliy Ligadagi yubiley — 50-golini urishga erishdi. Bu gol “Lokomotiv”ga 1 ochko ham taqdim eta olmay, klub “Buxoro”dan yengildi — 1:2.
Abduxoliqovning faqatgina 2016-yilgi chempionat davomida urgan gollari soni 20 taga yetdi. Bu esa “Lokomotiv” futbol klubi tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Bunga qadar 2013-yilgi mavsumda 17 ta gol urgan Farhod Tojiyev bitta mavsumdagi sermahsullik borasida “temiryo‘lchilar”ning eng yaxshi hujumchisi bo‘lib kelayotgandi.
Izoh (0)