Demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Buni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov partiyaning VIII Qurultoyidagi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tdi.
U axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishini ta’kidlab o‘tdi.
“Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bilamiz va ‘Oshkoralik — fuqarolik jamiyatining muhim sharti’ tamoyiliga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratamiz. Axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish zarur, deb bilamiz. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda OAVning rolini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yangilash, texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbi nufuzini oshirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish kabi masalalar ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi”, — dedi siyosatchi.
Izoh (0)