Yaponiyaning Tottori prefekturasida 6,6 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda mamlakatning Milliy meteorologik agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Yer silkinishining o‘chog‘i o‘n kilometr chuqurlikda joylashgan. Dastlab meteorologik agentlik sunami tahdidi haqida ogohlantirdi, biroq keyinroq uni bekor qildi.
Zilziladan so‘ng 5,0 magnitudali 25 ga yaqin aftershok kuzatildi. Mamlakat milliy meteorologik agentligining ma’lum qilishicha, takroriy zilzilalar hafta oxirigacha davom etishi va 6 magnitudadan yuqori yana bir kuchli zilzila yuz berishi mumkin.
“Sinkansen” tezyurar poyezdining harakati hamda tezyurar shossening alohida hududlarida harakatlanish to‘xtatilgan. 39,8 mingta xususiy uy va kvartirada energiya ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan. Okayama prefekturasidagi aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagini yopib qo‘ygan.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, o‘ndan ortiq odam jabrlangan. Zilzila epimarkazi yaqinida joylashgan Yurixama shaharchasida bitta bino vayron bo‘lgan. Uning yaqinidagi Xokuey shaharchasida yerosti silkinishlaridan so‘ng avtomobil yo‘lida katta yoriq paydo bo‘ldi.
Bosh vazir Sindzo Abe devonxonasida zilzila oqibatlari haqida ma’lumot to‘plash bo‘yicha favqulodda shtab tashkil etildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)