Yaponiya hukumati O‘zbekistonda Afg‘oniston giyohvand moddalari kontrabandasiga qarshi kurash loyihasiga 263 million iyena (2,5 million dollar) ajratadi. Loyiha BMT narkotik va jinoyatlar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Yaponiya hukumati va BMT boshqarmasi o‘rtasidagi almashuv notalarini imzolashga bag‘ishlangan rasmiy marosim 20-oktabr kuni Toshkentda, boshqarmaning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasida bo‘lib o‘tdi. Hujjatlarni Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Nobuaki Ito va boshqarmaning mintaqaviy vakili Ashita Mittal O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi narkotiklar nazorati bo‘yicha milliy axborot-tahliliy markazi direktori Ahmad Mansurov ishtirokida imzoladi.
Elchi Nobuaki Ito Yaponiya BMT narkotik va jinoyatlar bo‘yicha boshqarmasi va O‘zbekiston bilan chegaralar nazorati hamda noqonuniy narkotik savdosiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikka muhim o‘rin berishini ta’kidlab o‘tdi. Uning eslatishicha, bu haqda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga 2015-yil oktabrida amalga oshirilgan rasmiy tashrifi chog‘ida qabul qilingan qo‘shma kommyunikeda aytilgan.
“O‘zbekistonda Afg‘oniston narkotiklari kontrabandasiga qarshi idoralararo mobil guruhlar yaratish yo‘li bilan kurashish” loyihasi faoliyati giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga qarshi kurash sohasidagi muammoli jihatlarni hal etishga, shuningdek, asbob-uskuna taqdim etish, infrastrukturani mustahkamlash, trening va seminarlar tashkil etish yordamida xodimlar salohiyatini oshirishga qaratiladi.
Dastur tadbirlari milliy axborot-tahliliy markazi koordinatsiyasi hamda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari, jumladan, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi ishtirokida amalga oshiriladi. Idoralararo mobil guruhlar huquq-tartibot organlarining boshqa organlari bilan joylarda narkotiklar kontrabandasiga aloqador bo‘lgan shaxslarni fosh etish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Izoh (0)