Rossiyaning Baykalorti o‘lkasidagi Borzya shahrida 10 yoshli bolakay yonayotgan uydan 1 yoshli singlisini olib chiqdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Yong‘in 19-oktabr, chorshanba kuni sodir bo‘ldi. Bolakay singlisi bilan yonayotgan uyning derazasidan tashqariga chiqdi. Yong‘in bartaraf etildi, bolalar jabrlanmadi. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chirish xodimlari bolalar uchun tez tibbiy yordamni chaqirdi”, – deyiladi xabarda.
Bolakayning so‘zlariga ko‘ra, uning ota-onasi ertalab pechni yoqib, ishga ketdi. Bolalar bilan uning xolasi qoldi. Keyinroq u ham bolalarni yolg‘iz qoldirib, uy eshigini yopib ketdi.
“Bolakay pech oldidagi matras yonayotganini aniqladi va uni ko‘chaga olib chiqishga urindi, ammo eshik berk edi. Shunda bolakay matrasning bir qismini dahlizga tashladi. Tutundan nafasi bo‘g‘ilgani uchun qolgan qismi qolib ketdi. Otasining kurtkasini kiyib olgan bolakay 1 yoshli singlisini qo‘liga olib, uy derazasidan chiqib ketdi”, – deya ma’lum qildi FVVning hudud bo‘yicha davlat boshqarmasi matbuot xizmati.
Yong‘in 10 daqiqadan so‘ng bartaraf etildi. Uyning 20 metr kvadrat maydoniga zarar yetkazildi.
Izoh (0)