Bahrayn mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatining “A” guruhida so‘nggi tur o‘yinlari yakunlandi.
Musobaqani ketma-ket ikki g‘alaba bilan boshlab, chorak finalga eng yaqin turgan Janubiy Koreya 3-turdan keyin guruhda qolib ketdi. Saudiya Arabistoniga qarshi kurash olib borgan koreyalik futbolchilar hisobda oldinda bora turib, yakunda 2 ta gol o‘tkazib yubordi.
Bahrayn terma jamoasi esa 3-turda Tailandni mag‘lub etdi — 3:2.
Reglamentga ko‘ra, ikki va undan ortiq jamoa bir xilda ochko jamg‘arsa, o‘zaro o‘yinlar natijasiga qaraladi. Janubiy Koreya Bahraynni 2:1 hisobida taslim qilib, keyinroq Saudiyadan shu hisobda yengildi. Bahrayn — Saudiya o‘yini esa sermahsulroq o‘tdi — 3:2. Natijada mana shu ikki mamlakat yoshlari chorak finalga yo‘l oldi.
Saudiyaning to‘plar nisbati Bahrayndan 3 taga yaxshiroq. Biroq o‘zaro o‘yinda Bahraynga imkoniyat boy berilgani uchun, Saudiya chorak finalga “A” guruhining ikkinchi jamoasi bo‘lib yetib keldi.
Guruh peshqadamligini muddatidan oldinroq rasmiylashtirib qo‘ygan O‘zbekiston termasi so‘nggi turni 21-oktabr kuni Xitoyga qarshi o‘tkazadi. 20-oktabr kuni esa qolgan ikki guruhda so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Osiyo Chempionati—U19 “A” guruhi. 3-tur 19-oktabr, chorshanba
Izoh (0)