6–7-oktabr kunlari Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston bilan hamkorlik byurosi xodimi Sara Myurrel O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi vakillari hamrohligida Jizzax va Samarqand shaharlarida bo‘ldi. Jizzaxda Myurrel xonim shahar hokimiyatidagi “yagona oyna” xizmati faoliyati bilan tanishdi, deb xabar beradi UzDaily.
Ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniya TIV tomonidan moliyalashtirilib, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlarida davlat xizmatlari va jamoat axborotini olishni yaxshilash loyihasi doirasida “yagona oyna” orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “yagona oyna” markazlari faoliyati bo‘yicha qo‘llanma chop etildi, mahalliy hokimiyatlar va Xalq deputatlari viloyat kengashlari “Ochiq ma’lumotlar” portallarini ishlab chiqishga yordam ko‘rsatildi, shuningdek, davlat muassasalari va OAV vakillari uchun ochiq ma’lumotlar bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazildi.
Samarqandda Myurrel xonim “Sabr” markazi, Samarqand shahar pedagogika kolleji qoshidagi Mahalliy rivojlanish markazida bo‘ldi. U yerda Buyuk Britaniya TIV moliyaviy ko‘magida mahalliy aholini professional ko‘nikmalarga o‘rgatish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Mehmonlarga “Sabr” NNTning yaratilishi hamda uning Angliyaning “Xeyven-Vulverxempton” NNT bilan 19 yillik hamkorlik tarixi yuzasidan qisqacha axborot taqdim etildi.
Mahalliy rivojlanish markazida mehmonlarga loyiha doirasida jihozlangan o‘quv auditoriyalari namoyish etildi. Ular professional ko‘nikmalar hosil qilish bo‘yicha o‘quv modullari, shuningdek, moliyaviy savodxonlik va biznes rejalashtirish bo‘yicha interaktiv treninglar o‘tkazish bo‘yicha modullar bilan tanishtirildi.
Sara Myurrel Jizzax va Samarqandda olib borilayotgan ishlardan mamnunligini bildirdi.
Izoh (0)