Xitoyning Panda TV striming servisi videoblogerlari bir necha kundan buyon to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda kichik hajmli jonivorlar o‘rtasidagi gladiatorlik janglarini namoyish etmoqda. Janglarda chumolilardan tortib kalamushlaru kichik sudraluvchilargacha ishtirok etmoqda, deb xabar beradi TJournal.
Janglar Panda TV servisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rsatib borilmoqda. 16-oktabr peshinga qadar ular 4,5 million marta ko‘rildi. Ayrim paytlarda bir paytning o‘zida servisda o‘tirgan tomoshabinlar soni 28–30 ming kishini tashkil etmoqda.
Translyatsiya deyarli uzilishlarsiz davom etmoqda, ammo odam ko‘pligidan ba’zan servisga kirib bo‘lmay qolyapti. Shu bois Rabbit servisida qo‘shimcha strim tashkil etildi.
Voqeadan xabar topgan ayrim jurnalistlar janglar tashkilotchilarini keskin tanqid ostiga oldi. Ularning ta’kidlashicha, bu jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish sifatida baholanishi lozim, bu esa nafaqat axloq-odob prinsiplariga zid keladi, balki ko‘pgina davlatlar qonunchiligiga ko‘ra jazolanadi ham.
Izoh (0)