O‘zbekistonda Koreya Respublikasi festivali boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Toshkentdagi “Zarqaynar” majmuasida an’anaviy koreys milliy liboslari namoyishining ochilishiga turli vazirlik va idoralar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, dizayner va rassomlar, o‘quvchi-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori Farhod Jo‘rayev, Koreya elchisi Kvon Yon U va boshqalar O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi ikki xalq o‘rtasidagi qadimiy do‘stlikdan quvvat olishini ta’kidladi.
O‘zbekistonda bu yil o‘tkazilayotgan Koreya Respublikasi festivali rang-barang dasturlar, taqdimot marosimlari, modalar namoyishi, konsertlar, kino san’ati bayramlari, teatrlashtirilgan tomoshalarga boy. Festival doirasida Koreya Respublikasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi kubogi uchun o‘smirlar ishtirokida taekvondo bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tadi. “Turkiston” saroyida musiqa ixlosmandlari ushbu mamlakatning nafis musiqasidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday musiqiy konsert dasturlari Samarqand va Buxoro shaharlarida ham tashkil etiladi. Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida o‘tadigan Janubiy Koreya filmlari festivalida “Otamga bag‘ishlov”, “Himolay”, “Detektiv K” singari filmlar namoyishi rejalashtirilgan. 21–22-oktabr kunlari O‘zbekiston yoshlar teatrida taniqli rassom Li Jong Sop faoliyatiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan musiqiy tomosha namoyish etiladi.
Koreya Respublikasi festivali dizayner Li Yong Xi tomonidan yaratilgan an’anaviy liboslar namoyishi bilan boshlandi.
Izoh (0)