Markaziy saylov komissiyasining 13-oktabr, payshanba kuni navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi ma’lum qildi.
Komissiya raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov boshqargan va videokonserensaloqa shaklida o‘tgan majlisda okrug saylov komissiyalari a’zolari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va OAV vakillari qatnashdi.
Majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish hamda ularning saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Tadbirlar respublika onlayn seminar-treningi, shuningdek, uchastka saylov komissiyalari a’zolari ishtirokida hududiy seminar-treninglar shaklida o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Bunda uchastka saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilar ro‘yxatini tuzish va unga o‘zgartishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berish hamda saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, kuzatuvchilar instituti ahamiyati, OAVning saylov jarayoni ochiq-oshkoraligini ta’minlashdagi roli singari muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Izoh (0)