Xitoy hukumati tuz narxini belgilashda davlat monopoliyasini bekor qildi. Ushbu monopoliya ikki ming yildan ko‘proq davom etdi, deb yozadi “TASS”.
Rivojlanish va islohotlar bo‘yicha hukumat qo‘mitasining bayonotiga ko‘ra, qonunchilikka kiritilgan tegishli o‘zgartish 2017-yil 1-yanvaridan kuchga kiradi.
Endilikda tuzning ulgurji, chakana va korxona bahosi ishlab chiqarish tannarxi, sifati va bozor shart-sharoitlariga ko‘ra belgilanadi. Ta’kidlanishicha, mintaqaviy ma’muriyatlar va kompaniyalar o‘zgartishning kuchga kirishiga tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi va bozor barqarorligini kafolatlashi lozim.
Xitoy dunyodagi eng yirik tuz iste’molchisidir. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, jahon ehtiyojining qariyb chorak qismi XXRga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda 300 tuz ishlab chiqaruvchisi va 4 ming tuz yetkazuvchisi bor.
Miloddan avvalgi 119-yilda Xan sulolasi vakili, imperator U ushbu mahsulotga davlat monopoliyasini joriy etgandi. Ayni paytda soha Xitoy davlat tuz ishlab chiqarish korporatsiyasiga (China Salt) bo‘ysundirilgan.
Izoh (0)