Pentagon vakilining BAA harbiy kemasi Yaman isyonchilari tomonidan Eronda ishlab chiqarilgan raketa yordamida yo‘q qilingani haqidagi bayonoti haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda Eron TIV rasmiy vakili Bahrom Qosimiy bayonot berdi, deb yozmoqda “TASS”.
“Boshqalarni ayblash o‘rniga AQSh o‘zining qurol yetkazish dosyesiga e’tibor bersa bo‘lardi, ularning quroli Yamanning tinch fuqarolariga qarshi qo‘llanmoqda”, — ta’kidladi diplomat.
1-oktabr kuni Yamanda isyonchi xusiylar Qizil dengiz sohilidagi Moxa portiga (Toiz viloyati) yaqinlashgan BAA harbiy kemasini yo‘q qilgani haqida axborot bergan edi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya vakillari o‘qqa tutilgan kema yo‘lovchi transporti bo‘lganini hamda uning bortida gumanitar yordam, dori vositalari, yaradorlar va tinch aholi vakillari olib o‘tilayotganini ma’lum qildi.
Pentagon vakillari kemaga uyushtirilgan hujumda Eronda ishlab chiqarilgan raketadan foydalanilganiga urg‘u berib, xusiylar rasmiy Tehrondan yordam olib turganiga ishora qilgan edi. Bahrom Qosimiyning so‘zlari ushbu bayonotga javob bo‘ldi.
Izoh (0)