Italiyaning “Yuventus” jamoasi hujumchisi Paulo Dibala turinliklar bilan yangi shartnoma imzolaydigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Ayni damda 22 yoshli futbolchi Argentina terma jamoasining ixtiyorida bo‘lib turibdi. Argentina JCh–2018 turniriga saralash bosqichi doirasida Peru (6-oktabr) va Paragvayga (11-oktabr) qarshi bahs olib boradi.
Matbuot anjumanlaridan birida Dibala uning “Barselona” safiga o‘tishi mumkinligi borasidagi xabarlar qanchalik rost ekani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi:
“Messi bilan o‘ynash xuddi futbol tarixidagi eng yaxshi darvozabon – Jiji Buffon bilan o‘ynash kabi orzu. Ammo Leo bilan faqatgina termada sherikmiz. Gazetalarning ‘Barselona’ga o‘tishim haqida yozishi mantiqsiz. Transfer bozori yopilgan, men esa ‘Yuventus’ bilan shartnomamni uzaytirishga yaqin turibman”, – dedi Dibala.
Qayd etish joiz, argentinalik futbolchining “Yuventus” bilan amaldagi kelishuvi 2020-yilgacha mo‘ljallangan. Turinliklar yangi shartnomaga ko‘ra argentinalik futbolchining maoshini ikki barobar oshiradi.
Izoh (0)