O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishidan ozod etiladi.
“Farmon ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish yo‘lini davom ettirib, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari va ularning xodimlarini hamda tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslarni, ular tomonidan yetkazilgan zararni qoplagan va huquqbuzilishi oqibatlarini belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etgan taqdirda, javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilish kabi tubdan yangi choralarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llash taqiqlangan”, — deyiladi farmonga sharhlarda.
“Ko‘rsatib o‘tilgan normalar tadbirkorlik subyektlarini ikki marta jazolashni istisno etibgina qolmay, balki birinchi marta huquqbuzarlikni sodir etgan va o‘z aybini yuvgan fuqarolarga o‘zining tadbirkorlik faoliyatini salbiy oqibatlarsiz davom ettirish imkonini beradi, bu chora ularning ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga ham yo‘naltirilgan”, — qo‘shimcha qilinadi hujjatda.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga va bir qancha boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Izoh (0)