3-oktabr, dushanba kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi xalqaro aeroportdan odamlar evakuatsiya qilindi, oltita reys kechiktirildi. Bu haqda aeroport matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Interfaks”.
Air Astana aviakompaniyasining Olmaota—Tbilisi yo‘nalishidagi 141-raqamli reysini rasmiylashtirish davomida yo‘lovchini shaxsiy ko‘zdan kechirish paytida simobga o‘xshash suyuqlik bo‘lgan idish topildi.
“Aviatsiya xavfsizligi xodimining shubhali idishni musodara etish haqidagi talabiga javoban yo‘lovchi ogohlantirishsiz va tushuntirish bermasdan idishni axlat qutisiga tashlab yubordi. Natijada suyuqlik to‘kilib ketdi”, — deb ta’kidladi aeroport matbuot xizmati. Ushbu ma’lumot zudlik bilan aeroport xavfsizligi uchun javobgar rahbariyat va xizmatlar, Olmaota Favqulodda xizmati hamda politsiyaga yetkazilgan.
Natijada uchta ichki va uchta xalqaro reys kechiktirilgan.
Hozirgi paytda Olmaota xalqaro aeroportidagi barcha xizmatlar faoliyati qayta tiklangan.
Huquqni muhofaza qilish organlari hodisa yuzasidan surishtiruvni boshladi.
Izoh (0)