Samarqand eshkak eshish kanalida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Uch kun davom etgan musobaqalarda jahonning 14 davlatidan 200 dan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Dastlab parakanoe bo‘yicha birinchi Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston vakillari 2 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, eng yaxshi natijani qayd etdi.
Osiyo ochiq kubogi bahslarining kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 11 ta oltin, 10 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar 10 ta oltin, 14 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zAning qayd etishicha, musobaqa doirasida Osiyo kanoe federatsiyasi tomonidan parakanoeni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazilgan.
Izoh (0)