Rossiyaning Udmurtiya Respublikasi sudi bir necha bor sudlangan mahalliy fuqaroni adolat qaror topishiga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Udmurtiyaning Alnashsk tumanida fuqaro sud eshittiruviga egiz akasining o‘rniga gumonlanuvchi sifatida tashrif buyurdi”, — deyiladi xabarda.
Xabarda qayd etilishicha, erkak sudga o‘ldirish yoki sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish bilan tahdid qilish jinoiy ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida kelgan.
Sud binosiga kirishni ta’minlab turgan sud ijrochisi erkakning egiz akasi borligini bilgani uchun uning shaxsida shubhalandi. Ularning har ikkisi bir necha bor sudlangani uchun sud binosida ko‘p marta bo‘lgan.
“Sud ijrochisi ushbu holat yuzasidan bildirish tayyorladi va o‘z shubhalarini sudyaga ma’lum qildi. Suhbat davomida erkak haqiqatdan ham o‘zini akasi sifatida tanishtirgani ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Erkak adolat qaror topishiga va dastlabki surishtiruvni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishda aybdor deb topildi. Sud jazo sifatida unga 1 yillik sinov muddati bilan 10 oylik shartli qamoq jazosini belgiladi.
Izoh (0)