Kolumbiya mezbonligida o‘tayotgan futzal bo‘yicha Jahon Chempionati Braziliya va Ispaniyaning chempion bo‘lmagani bilan esda qoladigan birinchi mundial bo‘ladi.
Bunga qadar o‘tkazilgan 7 ta mundialning 5 tasida Braziliya termasining qo‘li baland kelgan bo‘lsa, qolgan 2 tasida Ispaniya bosh sovringa ega chiqqandi.
Hisob bo‘yicha sakkizinchi Jahon Chempionatining nimchorak finalida Braziliya Erondan yengilgan bo‘lsa, Ispaniya futzalchilari chorak finalda Rossiyaga imkoniyatni boy berdi — 2:6.
Turnirda o‘z ishtirokini davom ettirayotgan Osiyoning yagona jamoasi Eron ham yarim final chiptasini qo‘lga kiritdi. Paragvayga qarshi saf tortgan qit’a chempioni asosiy vaqtni 3:3 hisobida yakunladi va qo‘shimcha daqiqada yana 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Chorak finaldagi eng yirik hisob Argentina va Misr o‘yinida qayd etilib, Italiyani turnirdan chiqarib yuborgan afrikaliklar javobsiz 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Portugaliya esa Ozarbayjon ustidan 3:2 hisobida zafar quchdi.
27—28-sentabr kunlari yarim final bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Eron Rossiyaga qarshi zalga chiqsa, Argentina va Portugaliya termalari o‘zaro hisob-kitob qiladi.
Izoh (0)