AQSh prezidentlik lavozimiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp saylov kuniga qadar o‘z nomzodining qo‘llab-quvvatlanishi uchun OAVdagi tashviqot uchun 140 million dollarga yaqin mablag‘ sarflaydi. Bu haqda 23-sentabr, juma kuni Associated Press agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Milliarder saylov shtabining vakili Jeyson Millerning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘dan 100 million dollari telereklama uchun, qolgan 40 million dollari esa elektron OAVdagi tashviqot uchun yo‘naltiriladi.AQShda prezidentlik saylovlari 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Shu paytga qadar Tramp tashviqot uchun saylovdagi raqibi, demokrat Hillari Klintonga qaraganda ancha kamroq mablag‘ sarflagan.
The Washington Post gazetasi hisob-kitobiga ko‘ra, respublikachi nomzodning shtabi prezidentlik poygasining boshidan buyon mazkur maqsadlar uchun 90 million dollarga yaqin mablag‘ yo‘naltirgan.
Demokratlardan nomzodning reklama uchun xarajatlari avgust oyidayoq 300 million dollardan oshgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)