Suriya bo‘yicha Amerika-Rossiya Qo‘shma ijroiya markazi (QIM)ni tashkil qilish to‘xtatildi. Bu haqda Iroq va Suriyada aksilterrorchilik operatsiyalarida ishtirok etayotgan AQSh qo‘shinlari guruhining rasmiy vakili, harbiy-havo kuchlari polkovnigi Jon Dorrian ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, QIMni yaratishni to‘xtatib qo‘yish taklif etildi, ammo AQSh Hodisalar oldini olish bo‘yicha hamjihatlik haqidagi memorandumga muvofiq, Suriya osmonidagi parvozlar xavfsizligini Rossiya bilan muvofiqlashtirishda davom etmoqda.
“QIMni yaratish shartlaridan biri o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga yetti kun davomida rioya qilinishi bo‘lishi kerak edi. Bu shart amalga oshmadi, va men bilamanki, hozir diplomatlar ushbu tashabbusni qayta boshlashga intilmoqda”, — deya aniqlik kiritdi polkovnik.
Avvalroq terrorchilarga nisbatan zarbalarni muvofiqlashtiruvchi Rossiya-Amerika ijroiya markazi yaqin kunlar ichida Jenevada ishga tushishi xabar berilgan edi. “Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra (9-sentabrdagi), markaz bitimga erishilganidan boshlab yetti kun ichida ishga tushishi kerak. Ya’ni, yaqin kunlarda Jenevada, bizning va amerikalik sheriklarimiz bilan”, — degan edi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Gennadiy Gatilov.
Izoh (0)