O‘zbekiston Respublikasining Kuvayt davlatidagi elchixonasida O‘zbekiston Prezidenti saylovlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Kuvayt siyosiy, iqtisodiy, akademik davralari hamda OAV vakillari, shuningdek, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus xodimlari ishtirok etdi.
Brifing ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha faol saylovoldi kampaniyasi boshlanganidan boxabar etildi, shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan davlat rahbarligiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatish tartibi va shartlari, respublikaning mustaqillik yillarida demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda erishgan yutuqlari, fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanish jarayonlari bilan tanishtirildi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra uning ishtirokchilari o‘z fikrlari va sharhlari bilan o‘rtoqlashdi.
Xaila al-Maqoimiy, Kuvayt axborot vazirligi davlat kotibining yuridik masalalar bo‘yicha yordamchisi:
“Men ilk bor O‘zbekistonda 2001-yilda bo‘ldim va bu ajoyib mamlakatni chinakamiga yaxshi ko‘rib qoldim. O‘zbekiston ko‘p sonli qadimiy tarixiy-me’morchilik obidalari, bebaho madaniy va ma’naviy merosi, boy tabiati va zamonaviy rivoji bilan diqqatimni tortdi. Men respublikada mustaqillik yillarida hayotning barcha sohalarida sodir bo‘lgan keng miqyosli o‘zgarishlardan hayratda qoldim.
Bugun O‘zbekistonda xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan samarador saylov tizimi yaratilgan, shuningdek, siyosiy partiyalarning keng miqyosli ijtimoiy-siyosiy faoliyati uchun sharoitlarni ta’minlaydigan puxta qonunchilik bazasi ishlab chiqilgan. Saylovlar ko‘p partiyaviylik asosida o‘tadi. Bu yutuqlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan uzviy bog‘liqdir.
Shubha yo‘qki, 4-dekabr kuni o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari xalqaro me’yorlarga muvofiq tarzda yuqori darajada tashkillashtiriladi va o‘tkaziladi”.
Muhammad al-Filiy, Kuvayt universiteti professori, davlat va konstitutsion huquq bo‘yicha mutaxassis:
“O‘zbekiston demokratik taraqqiyotining eng muhim yutuqlaridan biri 2005-yilda mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ikki palatali parlamentning tashkil etilishi bo‘ldi. U o‘z samaradorligini isbotladi. Bugun O‘zbekistonda parlamentarizm institutlarining rivojlanish darajasi eng yuqori demokratik standartlarga mos keladi. Buning bariga hokimiyatning vakillik organlari faoliyatini kengaytirish, shuningdek, parlamentga amaldagi qonunchilik tizimi bilan taqdim etilgan butun vakolatlar majmuining realizatsiyasi yo‘li bilan erishilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekistonning milliy saylov tizimi umumqabul qilingan xalqaro me’yor va standartlarga muvofiq tarzda takomillashtirilgan. Mamlakat konstutitsiyasiga ko‘ra 2016-yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari o‘tkaziladi. Mamlakatda Asosiy qonunga muvofiq faol saylovoldi kampaniyasi boshlab yuborildi. Siyosiy partiyalar davlat rahbarligiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatmoqda. Asosiysi, bu jarayon transparentlik asosida o‘tmoqda, saylovchilar orasida bo‘lajak muhim siyosiy tadbir borasida faol axborot-targ‘ibot ishi olib borilmoqda”.
Javoid Ahmad, Kuwait Times gazetasi muxbiri:
“Biz O‘zbekistonda bo‘layotgan demokratik o‘zgarish va iqtisodiy yutuqlarni diqqat bilan kuzatib boramiz. O‘zbekiston tanlagan demokratik va iqtisodiy rivojlanish kursi o‘z samaradorligini ko‘rsatdi va respublikaga jahon sahnida munosib o‘rin egallash imkonini berdi.
Bugun O‘zbekiston jahondagi beshta eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar ichiga kiradi. Oxirgi 11 yil ichida YaIM o‘sish sur’atlari 8 foiz darajasida saqlanmoqda.
Respublikada faol investitsion siyosat amalga oshirilmoqda. Chet ellik investorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar bois O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi yil sayin o‘smoqda”.
Izoh (0)