Nyu-York va Nyu-Jersida 28 yoshli Ahmad Xon Rahamiy tomonidan amalga oshirilgan portlash qasddan uyushtirilgan terrorchilik akti edi. Bu haqda Nyu-York shtati Janubiy okrugi prokurori Prit Bxarara bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“Biz tomonimizdan ushbu ish yuzasidan to‘plangan dalillar shundan guvohlik bermoqdaki, bu qasddan uyushtirilgan terrorchilik akti edi”, — ma’lum qildi u.
Prokurorning qo‘shimcha tarzda aytib o‘tishicha, Rahamiy qo‘lga olinish paytida yaralangan bo‘lib, hozircha tergovchilar tomonidan tegishli tartibda so‘roq qilina olmaydi.
28 yoshli Ahmad Xon Rahamiy Nyu-Jersi shtatining Linden shahrida, politsiya bilan otishmadan so‘ng hibsga olindi. Avvalroq Nyu-York politsiyasi portlashga aloqadorlikda gumonlanuvchi besh kishini hibsga olgani haqida xabar berilgan edi.
17-sentabr, shanba kuni Manxettenning g‘arbiy qismida portlash yuz berdi. Hodisa oqibatida 29 kishi jabrlandi.
Bir kun o‘tib Nyu-Jersi shtatining Elizabet shahrida paket ichida qo‘lbola portlovchi qurilma aniqlandi. Robot-sapyorning portlovchi qurilmani zararsizlantirishga urinishi vaqtida qo‘lbola bomba portlab ketdi.
Tergovning taxmin qilishicha, Nyu-York va Nyu-Jersidagi portlashlar bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)