O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi mamlakat milliy terma jamoasining JCh—2018 saralashidan joy olgan o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun Oliy Liga taqvimida bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urdi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
23-turdan joy olgan “Navbahor” — “Paxtakor” o‘yini avval belgilab qo‘yilganidek 25-sentabrda emas, balki bir kun oldin o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
24-turning esa bir yo‘la ikki uchrashuvi boshqa muddatda bo‘lib o‘tadi. “Paxtakor” va “Lokomotiv” ishtirokidagi Toshkent derbisi 30-sentabrdan 28-sentabrga yaqinlashtirilgan bo‘lsa, “Buxoro” — “Bunyodkor” o‘yini ham xuddi shunday taqdirga duchor bo‘ldi.
Avvalroq “Lokomotiv” klubining Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirokini inobatga olgan PFL 20-turning “Mash’al” — “Lokomotiv” uchrashuvini 26-avgustdan 20-sentabrga ko‘chirgandi. Endi esa milliy terma jamoa manfaatlari sabab mazkur o‘yin sanasi ikkinchi bor o‘zgardi, biroq uchrashuv kuni to‘liq hal bo‘lmadi. 17—19-oktabrdagi PFLning zaxira kunlaridan birida “Lokomotiv” Muborak shahriga borib keladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, PFLning 2016-yilgi mavsumi uchun taqvimi Osiyo Chempionlar Ligasi va FIFA taqvimidan keyin tuzib chiqilgan.
Izoh (0)