12-sentabrdan Suriyaning butun hududi bo‘ylab AQSh va Rossiya kelishuvi asosida sulh tartibi kuchga kirdi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Bu AQSh va Rossiyaning mamlakatda harbiy harakatlarni to‘xtatishga bo‘lgan ikkinchi urinishidir.
Sulh tartibi yetti kun hukm surishi ko‘zda tutilgan.
Suriya armiyasi shu kunlar mobaynida harbiy harakatlar olib bormasligini e’lon qildi. Shu tariqa, mamlakat hukumati Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Jon Kerri tomonidan imzolangan sulh kelishuviga roziligini bildirdi.
Kelishuvni, shuningdek, Turkiya va Eron qo‘llab-quvvatladi. Ular ayniqsa Aleppo shahridagi gumanitar inqirozni bartaraf etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Kerri va Lavrov o‘rtasidagi muzokaralar 14 soat davom etdi. Kelishuv imzolanganidan so‘ng ular Suriya ixtilofida taraflar ko‘pligi bois sulhga barcha amal qilishiga kafolat yo‘qligini tan oldi.
Hozircha muxolif guruhlar sulhga qo‘shilgan-qo‘shilmaganini bildirmadi.
Izoh (0)