8-sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qabul qilingan qarorga mutaxassislar fikr bildirishda davom etmoqda. O‘zA Senat devoni Yuridik bo‘limi mudiri o‘rinbosari A. Maxmudovning bu boradagi fikrlarini taqdim etdi.
Shu kunlarda o‘zbek xalqi og‘ir judolikni boshidan kechirib, mamlakatimiz mustaqilligining me’mori, buyuk davlat va siyosat arbobi, xalqimiz qalbiga abadiy muhrlangan buyuk siymo, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan vidolashdi.
Dono, matonatli va o‘z taqdirini belgilashga befarq bo‘lmagan xalqimiz oldida juda mas’uliyatli vazifa ko‘ndalang bo‘lib qoldi. Bu ham bo‘lsa o‘z kelajagini belgilash, muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich siyosatining bardavomligini ta’minlovchi rahbarni tanlash vazifasi hisoblanadi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, yurtimiz taraqqiyotini belgilash uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgan mamlakatimiz Konstitutsiyasining 96-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
Oliy Majlis palatalarining 2016-yil 8-sentabrdagi qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Asosiy Qonunimiz va boshqa huquqiy asoslarga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini Bosh vazirning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi.
Mazkur taklif mohiyatan barchamiz uchun og‘ir bir paytda xalqimizning irodasini hisobga olgan holda, yurtimizda tinchlik, obodlik va farovonlikni ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani sidqidildan ado eta olish uchun eng munosib insonni tanlashga yo‘naltirilgan hamda mustahkam huquqiy zaminga va asosga tayangan edi.
Xususan, birinchidan, ushbu taklif Bosh Qomusimizning 2 va 7-moddalariga asoslangan holda, ya’ni bevosita xalq irodasini inobatga olib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni teran anglagan holda ilgari surildi. Zotan, Konstitutsiyamizning yuqorida qayd etilgan moddalarida davlat xalq irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ulligi, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi, davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshirilishi bejizga belgilab qo‘yilmagan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini Bosh vazir zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi Oliy Majlis qarori Konstitutsiyaga to‘la rioya etgan holda va uning bir qator normalarini bevosita amalga oshirish asosida qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Chunonchi, oliy davlat hokimiyat vakillik organi — Oliy Majlisning O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishi Qomusimizning 10-moddasida mustahkamlangan bo‘lsa, palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar muhim masalalar yuzasidan o‘tkazilishi uning 81-moddasida hamda parlament palatalari o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishi Konstitutsiyaning 82-moddasida aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan.
Uchinchidan, Konstitutsiyamiz va boshqa biron-bir normativ-huquqiy hujjatda ham Senat Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini boshqa mansabdor shaxs zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi taklifni ilgari surishiga oid taqiqlovchi norma mavjud emas. Bu, o‘z navbatida, o‘z millati va yurti taqdiri uchun befarq bo‘lmasdan, butun xalqimiz uchun maqbul bo‘lgan oqilona qarorni qabul qilish uchun zamin hozirlaydi va fransuz mutafakkirlari tomonidan asoslangan hamda asrlar davomida zamonaviy demokratik-huquqiy davlatning tamal toshiga aylangan “qonunda taqiqlanmagan barcha narsani amalga oshirish erkindir”, degan umum e’tirof etilgan tamoyilga to‘laqonli mos keladi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, mazkur amaliyot ilg‘or, demokratik va taraqqiy etgan davlatlar huquq tizimida ham mustahkam o‘rin olganligini yana bir karra esga olish foydadan xoli bo‘lmaydi. Xususan, AQSh Konstitutsiyasida Prezident o‘z zimmasidagi vazifa va majburiyatlarni bajara olmaydigan holatlarda ushbu vakolat Vitse-prezident zimmasiga, agar u ham ushbu vazifani bajara olmasa, Kongress tomonidan boshqa mansabdor shaxs zimmasiga yuklanishi to‘g‘risidagi qoida (2-moddasi 1-bo‘limi) uzoq yillar davomida amal qilib kelmoqda.
Bu borada ayniqsa Fransiya tajribasi juda katta qiziqish uyg‘otadi. Zero, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2010-yil 12-noyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida Konstitutsiyamizning 96-moddasiga tuzatish kiritish yuzasidan taklif bildirganlarida aynan Fransiya tajribasini misol sifatida qayd etib o‘tgan edilar. Chunonchi, Fransiya Konstitutsiyasida muayyan sabablarga ko‘ra mamlakat Prezidenti o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va vakolatlarni bajara olmasa, ushbu vazifa va vakolatlar Senat Raisi zimmasiga yuklatilishi va basharti Senat Raisi ham ushbu vazifalarni zimmasiga olishni rad etsa, Hukumat zimmasiga yuklatilishi belgilab qo‘yilgan.
Yoki bo‘lmasa Chexiya Respublikasi konstitutsiyaviy amaliyotiga murojaat etadigan bo‘lsak, ushbu davlat Konstitutsiyasida amaldagi Prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari Hukumat raisi va parlament quyi palatasi raisi zimmasiga yuklatilishi qayd etilgan.
Yana bir guruh mamlakatlar, masalan, Rossiya Federatsiyasida ham Konstitutsiyaga asosan, Prezident o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajara olmasa, uning vazifasi vaqtincha Hukumat Raisi tomonidan amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan xorijiy mamlakatlar qonunchiligi tahlili asosida amaldagi Prezident o‘z zimmasidagi vazifalarni bajara olmagan va Parlament yuqori palatasi rahbari ushbu vazifalarini o‘z zimmasiga olishni rad qilgan hollarda, ushbu vazifalar Hukumat rahbari zimmasiga yuklatilishi eng ilg‘or xorijiy tajribaga hamda zamonaviy va demokratik tartib-taomillarga mutlaqo mos kelishining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, milliy qonunchiligimiz hamda xorijiy amaliyot tahlili asosida shuni to‘la ishonch bilan qayd etish joizki, Oliy Majlis palatalarining 2016-yil 8-sentabrdagi qarori O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablariga va o‘zbek xalqi irodasiga to‘liq javob beradi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning “xalqimizni o‘z tanlagan yo‘lidan hech kim, hech qachon qaytara olmaydi”, degan chuqur purma’no fikrlarini yana bir karra yodga olish joiz.
Izoh (0)