O‘zbekiston tomoni KXDRni provokatsion harakatlarni to‘xtatishga chaqiradi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligining 11-sentabr kuni e’lon qilgan axborotida so‘z boradi.
“Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hududni tashkil etish tashabbuskori hisoblangan O‘zbekiston Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma talablariga qat’iy rioya etilishi tarafdoridir hamda yadro qurolini qo‘llash tahdidini kamaytirish masalalariga katta e’tibor qaratadi”, — deyiladi “Jahon” AA axborotida.
“Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda KXDR tomonidan 2016-yilning 9-sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining qo‘pol ravishda buzilishi hamda mintaqa va umuman jahon miqyosida xavfsizlikka bevosita tahdid hisoblangan navbatdagi yadroviy sinovlarning o‘tkazilgani tashvish bilan qabul qilindi”, — deyiladi agentlik axborotida.
“O‘zbekiston tomoni rasmiy Pxenyanni keskinlikning o‘sishiga olib keluvchi provokatsion harakatlarni to‘xtatishga va mavjud ziddiyatlarni tinch diplomatik vositalar orqali hal qilishga chaqiradi”, — deya qo‘shimcha qilingan “Jahon” axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 9-sentabr kuni Shimoliy Koreya o‘z tarixidagi beshinchi yadroviy sinovni o‘tkazdi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yirik yadroviy sinov bo‘lgan, KXDR rahbariyati esa endi yadroviy kallaklarni ballistik raketalarga o‘rnata olishini ma’lum qildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)