“Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Aleksey Miller hamda Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Berat Albayrak Istanbuldagi ishchi uchrashuvida “Turkiya oqimi” gaz quvuri loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni muhokama qildi, deb yozadi “TASS”.
“Uchrashuvda ‘Turkiya oqimi’ loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalarni berish jarayonini eng qisqa muddatlarda yakunlash haqidagi bitimga erishildi. Turkiyaga Rossiya gazini yetkazib berish shartlari bo‘yicha tijorat muzokaralari davom ettiriladi”, — deyiladi Rossiya gaz xoldingi tarqatgan bayonotda.
Rossiya Yevroittifoqning talabi (gaz quvuri uchinchi energiya paketiga muvofiq bo‘lishi to‘g‘risidagi) tufayli “Janubiy oqim” loyihasini amalga oshirishdan bosh tortgach, “Turkiya oqimi”ni qurishga qaror qilindi. Ammo loyiha bo‘yicha muzokaralar ikki tomonlama aloqalardagi tanglik tufayli to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Loyiha gaz quvurini Qora dengiz orqali Turkiyaning Yevropadagi qismigacha, keyinchalik esa Gretsiya bilan chegaragacha qurishni ko‘zda tutadi.
Izoh (0)