Estoniyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi noaniqlik bilan yakunlandi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Ma’lumot uchun, mamlakatda prezidentni parlament a’zolari saylaydi.
Respublika saylov komissiyasining agentlikka ma’lum qilishicha, ro‘yxatga olingan uch nomzoddan hech biri parlament deputatlari ovozlarining uchdan ikki qismini (101 tadan 68 tasini) qo‘lga kirita olmadi.
Uchinchi tur bugun, 30-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Unda nisbatan ko‘proq ovoz to‘plagan ikki nomzod — Kallas va Reps ishtirok etadi.
Uchinchi turda ham prezident saylanmasa, parlament raisi 101 deputat va 234 o‘z-o‘zini boshqarish organlari vakillari ishtirokidagi saylovchilar kollegiyasini chaqiradi. U yerda ovoz berish ikki turda bo‘lib o‘tadi, ikkinchi turda ko‘pchilik ovozni olgan nomzod g‘olib deb topiladi.
Amaldagi prezident Tomas Xendrik Ilvesning vakolatlari joriy yilning oktabr oyida yakuniga yetadi.
Izoh (0)