Braziliya futzal terma jamoasi 2002-yilga qadar bo‘lgan Braziliya futbol termasini juda eslatib yuboradi.
Xuddi katta futboldagi kabi besh marta jahon chempionligini qo‘lga kiritgan mamlakat bilan hazillashib bo‘lmaydi. Jahon Chempionatida bu jamoa o‘z guruhida Ukraina, Mozambik va Avstraliya bilan kurash olib boradi.
Kolumbiyaga yo‘l
Braziliya terma jamoasi Jahon Chempionatiga yo‘lni Paragvay mezbonlik qilgan Janubiy Amerika qit’asi mamlakatlari o‘rtasidagi turnirda zafar quchish bilan boshladi va barchani ishontirdiki, hali-hamon mundial chempionligi uchun asosiy nomzod.KONMEBOL chempionatining dastlabki ikki o‘yinidagi natija ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygani rost. Venesuelaga qarshi ochilish o‘yinida Braziliyaning qo‘li baland keldi — 2:1. Biroq hisob g‘alabaning qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilganidan dalolat berardi. Mezbon Paragvay darvozasining bor yo‘g‘i 1 bora ishg‘ol etilgani ham (1:0) xavotirlarga sha’madek bo‘lib ko‘rindi.
Keyingi o‘yinlarda esa muxlislar haqiqiy Braziliya terma jamoasini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi: Ekvador (14:0), Peru (6:0). Bu hisoblar futzal afsungarlariga bo‘lgan ishonch borasida hech kimda shubha qoldirmadi.
Kolumbiya mundialiga yo‘llanma berishi kerak bo‘lgan yarim final o‘yinida Braziliya Urugvay dovonidan o‘tib oldi — 4:1. Finalda esa Argentina darvozasi shuncha marta ishg‘ol qilindi, darvoza dahlsizligi esa saqlab qolindi. Endi siz Braziliya futzal terma jamoasi haqida dastlabki tasavvurlarga egasiz. Qolganini mutolaa qilishni quyida davom ettiring.
Hikoyaning davomi
Braziliya terma jamoasining jahonda doimiy yetakchi bo‘lib kelishida bosh murabbiy Serjinyo Shiochetning xizmatlarini e’tirof etmasdan o‘tib keta olmaymiz. Uning topqirligi va shijoati jamoaning asosiy quroli bo‘lsa ajab emas.E’tibor bering, Braziliya saralash bosqichida umumiy hisobda 31 ta gol urdi va bor yo‘g‘i 2 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Bu dahshatli statistika. Vaholanki jamoaning asosiy figurasi Falkaosiz buni uddalashning imkoni bo‘ldi.
Falkaoni eslab qoling. Adidas’ning “Oltin to‘p” sovriniga ikki bor ega chiqqan va terma jamoasi bilan beshta mundialda ishtirok etgan yigitni tanib olish zarar qilmaydi. Chunki aynan u o‘zi kabi yorqin kelajak kutilayotgan Tyagu hamda Ari kabi futzalchilarni Kolumbiyada ortidan ergashtiradi va raqiblari uchun muammoga aylanadi. Tyagu va Ari ikki karra jahon chempioni bo‘lish bilan kifoyalanmay, Kolumbiyaga uchinchi kubok uchun tashrif buyurayotganini yashirmayapti.
Shuningdek, Je va Fernandinyo kabi mehnatkash yigitlar xizmatini ham unutib bo‘lmaydi. Pito va ayniqsa Bateria kabi yosh iqtidorlar esa ko‘pchilikning mehrini qozonishiga shubha yo‘q. Bateria saralash bosqichi yulduzchasiga aylanganiyoq fikrimizni isbotlashi mumkin.
Mundiallar tarixi
Hozirga qadar futzal bo‘yicha yettita Jahon Chempionati o‘tkazilgan bo‘lsa, Braziliya terma jamoasi shularning 5 tasida g‘olib chiqqan va xuddi katta futboldagi kabi pentakampeon nomini rasmiylashtirib bo‘lgan.1989-yil Gollandiyada, 1992-yil Gonkongda va 1996-yil Ispaniyada chempionlik Braziliyaga nasib qildi va mamlakat futzal terma jamoasi uch bor o‘tkazilgan Jahon Kubogining hammasini o‘ziniki qilib oldi. Gollandiya va Ispaniya finallarida braziliyalik futzalchilar aynan mezbonlarni mag‘lub etishdi.
2000 va 2004-yilgi Jahon Chempionatlari Ispaniyaning g‘olibligi bilan yakuniga yetdi. Gvatemalada ispanlar o‘z mamlakatlaridagi final mag‘lubiyatining alamini olgan bo‘lishsa, oradan to‘rt yil o‘tib Italiya taslim qilindi. Biroq Braziliya o‘sha mundiallarning yarim finalida to‘p surdi. Birida kumush va yana birida bronzani naqd qildi. Qisqa qilib aytganda, dunyo chempionatlarining hech qaysi biri Braziliyaning sovrinsiz qolishi bilan yakuniga yetmadi.
2008 va 2012-yilga kelib terma yana chempionlik taxtiga qaytdi. Har ikki finalda ham ispanlar taslim etildi. Shunday ekan, Braziliya terma jamoasi Kolumbiya mundialida ham chempionlik uchun eng asosiy nomzod bo‘lib qolaveradi.
Izoh (0)