Singapurning nuTonomy kompaniyasi dunyodagi birinchi haydovchisiz taksini ishga tushirdi, deya xabar bermoqda “RBK”. Shu tariqa, u Uber’ni bir necha haftaga ortda qoldirdi.
25-avgustdan Singapurda haydovchisiz boshqaruvga ega oltita mashina ishga tushdi. Yuqori texnologiyali avtoparkka Renault Zoe va Mitsubishi i-MiEV elektrokarlari kirdi. Har bitta avtomobil Lidar tizimi bilan ta’minlangan, u makonda mo‘ljal olish uchun lazerdan foydalanadi. Shuningdek, avtomobillardagi uskunalar paneliga to‘siqlarni skanerlash va svetoforlardagi signal o‘zgarishlarini aniqlash uchun ikkitadan kamera o‘rnatilgan.
Yil oxiriga kelib, haydovchisiz boshqaruvli mashinalar sonini kompaniya 12 taga yetkazishga, 2018-yilgacha esa butun avtoparkni haydovchisiz avtomobillar bilan to‘ldirishga va’da bermoqda.
Kompaniya xizmatidan foydalanish uchun, kompaniyadan maxsus taklifga ega bo‘lish kerak. Ilk haydovchisiz mashinalardan foydalanishga bir necha o‘nlab mijozlar navbat oldi, dekabrgacha esa nuTonomy bir necha ming kishini qamrab olishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq AQShning Uber Technologies Inc. taksi buyurtma qilish xizmati hamda Shvetsiyaning Volvo avtokonserni imzolagan yangi shartnomaga muvofiq, ikki kompaniya haydovchisiz avtomobillar uchun dasturiy ta’minot yaratish ishlanmalariga 300 million dollar investitsiya kiritishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)