24-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N. Yo‘ldoshev boshqardi.
O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlis qatnashchilari Senat Raisi N. Yo‘ldoshevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Oliy Majlis Senatining o‘tgan davrdagi faoliyatiga va kelgusi yillardagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzasini tingladi. Shundan so‘ng senatorlar yalpi majlis kun tartibiga muvofiq mamlakat ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini bosqichma-bosqich isloh qilishga hamda demokratlashtirishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqishga kirishdi.
Senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Ushbu qonun yoshlar siyosatining asosiy qoidalari, bunday siyosatni shakllantirish va ro‘yobga chiqarishga doir tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishni yaxlit qonun hujjatida mujassam etish maqsadida qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Senatorlar qayd etganidek, qonunning qabul qilinishi yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustahkamlashga, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirishga, ushbu sohada sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun mamlakatda zarur imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratishga, mamlakat yoshlarini XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan har tomonlama barkamol shaxslar qilib shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Ushbu qonun davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalarni ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasiga kiritilgan hamda ichki ishlar organlarining maqomini, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini, fuqarolar huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha ular faoliyatining shakllari hamda usullarini aniq belgilab berishga qaratilgan. Ilgariroq ma’lum qilinganidek, qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda tabiatni muhofaza qilish sohasiga doir qonunlar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdi. Bu qonun ham senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini (yangi tahriri) ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
Izoh (0)