Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan “Haj–2016” mavsumini yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuzasidan amaliy ishlar tashkil etilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Safar oldidan barcha ziyoratchilar joylardagi markazlashgan tibbiyot punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Guruhlar tarkibida ziyoratchilar bilan safar davomida haj amallarini bajarish, xavfsizlik choralariga rioya qilish, salomatlikni asrash yuzasidan tushuntirish ishlari o‘tkazildi. Ziyoratchilarga davlat ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.
2016 yil 24-avgust–4-sentabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” charter reyslarida Toshkent–Madina, Buxoro–Madina, Samarqand–Madina, Qarshi–Madina, Namangan–Madina va Urganch–Madina yo‘nalishlarida haj safariga jo‘natish tashkil etiladi.
24-avgust kuni soat 8:10 va 9:40da o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 470 nafardan iborat dastlabki guruhlari ikkita reysda Toshkent–Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligiga uchib ketdi. Ziyoratchilarni kuzatishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Bo‘lajak hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxonalarni tayyorlash va zarur tashkiliy ishlarni amalga oshirish uchun 10 nafar ishchi guruhi a’zolari Saudiya Arabistoniga safarbar etilgan. O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 150 metr masofada joylashgan “Javharat ar-Roshid”, Makka shahrida esa “Masjidi Haram”dan 5000 metr masofadagi to‘rt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi ijaraga olingan.
Mehmonxonalarda har bir xona muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi, konditsionerlar bilan jixozlangan. Ziyoratchilar uchun foye va xonalarda o‘zbek tilida yo‘l ko‘rsatkichlar va zarur ma’lumotlar qo‘yilgan. Makka shahrida ziyoratchilarning “Masjidi Haram”ga borishlari uchun mehmonxonadan avtobuslarning uzluksiz qatnovi tashkil etilgan.
“Haj-2016” mavsumining o‘tishi doimiy ravishda yoritib boriladi.
Izoh (0)