Joriy yilning 14–20 avgust kunlari Tailand Qirolligining Chiang Mai shahrida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik o‘quvchilar ishtirok etib, ikki nafari yakkalik bahslarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Jamoaviy bahslarda esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu nufuzli musobaqa Xalqaro olimpiadalar reyestridan o‘rin egallagan bo‘lib, unda har yili 30 dan ortiq davlatdan iqtidorli o‘quvchilar qatnashib kelmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada 31 ta davlatdan 600 nafardan ziyod iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
Xalqaro matematika musobaqasi ikki bosqichda: shaxsiy va jamoalar o‘rtasidagi bellashuvda o‘tkazildi. Shaxsiy bellashuvda o‘quvchilarga 15 ta masala taqdim etildi va bellashuv natijalariga ko‘ra Neymatov Eldor va Hasanov Shaxboz bronza medali, Norboyev Jahongir va Maxmudov Shoxbek faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Shuningdek, jamoalar bellashuvida birgalikda yechish uchun 10 ta masala taqdim etildi, shundan O‘zbekiston jamoasi a’zolari 8 ta masalani to‘liq yechib ikkinchi o‘rinni egalladi va musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 13—14-avgust kunlari Singapurda o‘tkazilgan matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadada beshta oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
Izoh (0)