Janubiy Koreya qurolli kuchlari dengiz piyoda qo‘shinlari serjantining jasadi harbiylar tomonidan KXDR bilan chegaradagi kichik orolda aniqlandi. Bu haqda “Ryonxap” agentligiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
“Harbiy xizmatchilar halok bo‘lganning jasadini ertalab aniqladi. U kechki navbatchilikda bo‘lgan va Yonpxyondo oroli qirg‘oqlarini nazorat qilgan”, – deya ma’lum qildi agentlik suhbatdoshi. Ofitserning chap qo‘lida boshqa harbiy xizmatchining nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan Daewoo K-1 avtomati bo‘lgan.
“Serjant qurollar saqlanadigan omborning kalitiga ega bo‘lgani uchun birovning qurolini olgan. Kuzatuv kameralarida u avtomat bilan operativ punktdan chiqib ketayotgani qayd etilgan”, – deya qo‘shimcha qildi manbaning suhbatdoshi.
Hodisa sabablari o‘rganilmoqda, surishtiruv ishlari olib borilyapti. “Ryonxap” agentligiga xabar qilinishicha, 23 yoshli harbiy o‘z joniga qasd qilgani istisno etilmayapti. Serjant dengiz piyoda qo‘shinlarida 2013-yildan buyon xizmat qilib kelgandi.
Izoh (0)