Rio—2016 Olimpiadasining og‘ir atletika sport turida yana ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi musobaqaga kirdi.
105 kilogrammdan yuqori vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi turnirda Rustam Jangaboyev hamda Sardor Do‘stmurodov o‘z omadini sinab ko‘rdi.
Musobaqaning “B” guruhidan joy olgan sportchilar Ekvador, Suriya, Ukraina, Belarus, Xitoy Taypeyi, Slovakiya, Germaniya, Vengriya, Isroil va Jazoir mamlakatlaridan tashrif buyurgan atletlarga qarshi bellashdi.
Turnirning dast ko‘tarish musobaqasida 179 kilogrammni eplay olgan Sardor Do‘stmurodov yetakchidek ko‘ringandi. Biroq sahnaga keyinroq chiqqan sportchilarning natijasi unikidan yaxshiroq bo‘ldi.
O‘zbekistonlik boshqa bir atlet Rustam Jangaboyev esa dast ko‘tarishda eng yaxshi natijani qayd etdi — 195 kilogramm. Uning bu muvaffaqiyatini qolgan sportchilar takrorlay olmadi. Vengriyalik atletning maksimal natijasi 193 kilogrammni, jazoirlik sportchiniki esa 190 kilogrammni tashkil qildi.
Siltab ko‘tarishda ham Rustam Jangaboyev raqiblaridan ustunlik qildi. U 237 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, umumiy hisobda 432 kilogramm natija ko‘rsatdi. Vengriyalik sportchi 420 kilogramm bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Dast ko‘tarishda beshlikka ham kira olmagan Sardor Do‘stmurodov, siltab ko‘tarishda peshqadamlarga yetib oldi va 411 ball bilan uchinchi bo‘ldi.
Izoh (0)